Beruniy tumani hokimining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil qilinganligining 30 yilligi bayrami munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan bayram tabrigi

18-04-2024 | 11:49

151

Hurmatli vatandoshlar!

Vatanimiz Qurolli kuchlar safida xizmat qilayotgan askar va serjantlar, ofitser va generallar, hurmatli faxriylarimiz!

Sizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Yurtimizda Vatan himoyasi kabi ulug‘vor ishga o‘zini bag‘ishlagan harbiylarimiz katta hurmat va eʼzoz bilan qadrlanib, har yili “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” katta bayram va shodiyona bilan o‘tkaziladi.

Bu kabi eʼtibor va eʼtirof masʼuliyatli kasb egalarining Vatan oldidagi xizmatlarini yuqori baholanishini namoyon etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ham kuch-quvvat, shijoat va albatta sadoqat bag‘ishlaydi.

 Vatanni himoya qilish barcha uchun muqaddas burch hisoblanadi. Bu burchni ado etishda yurtimizning himoyachilari bo‘lgan milliy armiyamiz va barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan halqimizning tinch va osoyishta hayotini taʼminlashda olib borayotgan xizmatini munosib baholash hamda ularga zarur shart-sharoit yaratish masalalari ham davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Har qanday davlatning kuch-qudrati va imkoniyatlariga uning armiyasining jangovar qobiliyati va jangovar tayyorgarligiga qarab baho berilishi bejiz emas va bunday qarash mustahkam asosga egadir. 1991 yil 6-sentyabrda Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan bo‘lib 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq respublikamiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan. So‘ngi yillar davomida milliy armiyamiz tizimida amalga oshirilgan islohotlar o‘zining samarasini berdi. “Inson qadri uchun” tamoyili markaziy o‘ringa qo‘yilayotgani barchamizga maʼlum.

Milliy armiyamizni shakllantirish va isloh qilish jarayonida to‘plangan tajribani barcha toifadagi harbiy xizmatchilar, chaqiriq yoshiga yetmagan o‘g‘lonlarimiz o‘rtasida har tomonlama targ‘ib qilish va aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni tashkil etishda keng qo‘llash muhim yo‘nalish hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev milliy armiyamiz haqida to‘xtalib  mamlakatimiz mudofaa salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarimizni yana-da davom ettirib hususan, Qurolli Kuchlarimiz qudratini, qo‘shinlarning professional va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida eʼtibor qaratamiz deya taʼkidlab keladi.

Armiyada xizmat qilish yosh avlodimiz uchun alohida maʼno-mazmunga ega bo‘lib, uning nufuzi tobora ortib bormoqda. Butun respublikamiz bo‘ylab 15-dekabrdan 15-yanvargacha “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida armiya safida xizmat qilgan nuroniy va keksa avlod vakillari bilan uchrashuvlar davra suhbatlari tumanimizdagi umumtaʼlim maktablari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar yosh avlodning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshiradi.

Davlatimiz tomonidan milliy armiyamizni professional kadrlar bilan to‘ldirish xarbiy xizmatchilarning tayyorgarligini bilim va ko‘nikmalarini yana-da yuksaltirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Harbiy o‘quv  mashg‘ulotlari ilm-fan va texnikaning ilg‘or yutuqlari asosida o‘tkazilmoqda.

Muddatli xarbiy xizmatga chaqiruvning yilda bir marta amalga oshirilayotgani, shartnoma asosida xizmat qilish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xarbiy xizmatning joriy etilgani natijasida xarbiy jamoalardagi maʼnaviy muhit tubdan o‘zgardi. Muddatli xarbiy xizmatga tanlov asosida qabul qilinayotgani, armiya saflarini jismoniy tayyorgarligi va intellektual salohiyati yuksak yigitlar bilan to‘ldirishda muhim bosqich bo‘lmoqda.  

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

Mamlakatimizda harbiylar va harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolar uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Harbiy ofitserlarning oilalari zamonaviy tipda qurilgan uy-joylar bilan taʼminlanmoqda. Bugungi bayram ham belgilangan tadbir asosida respublikamizning barcha joylarda yuqori saviyada o‘tkazilayotgani harbiylarimizga bo‘lgan eʼtiborning yana bir isboti deb bilaman.

Harbiy xizmatning afzalliklari faqat yaratib berilayotgan imtiyozlar va harbiy xizmatchilarning ijtimoiy va moddiy jihatdan yuqori darajada taʼminlangani bilangina bog‘liq emas, albatta. Bu, avvalambor, armiya yosh avlodimiz uchun haqiqatan ham mardlik va mustahkam irodani, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usini, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalaydigan hayot maktabiga aylangani bilan izohlanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, taʼlim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi” deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashimiz mumkin.

Bugungi kunda Vatanimiz sarhadlarini minglab mard o‘g‘lonlar himoya qilmoqda. Shular qatorida Beruniylik 35 nafar jismonan sog‘lom, mard yigitlarimiz ham bor. Biz ular bilan  har qancha faxrlansak arziydi.

Vatanni onaga qiyoslab “Ona Vatan” deya ulug‘laymiz. Ona Vatan sarhadlarida  o‘zining sharafli, olijanob va masʼuliyatli burchini – Vatanni himoya qilishdek buyuk vazifani munosib ado etayotgan Beruniylik harbiy xizmatchilarning ota-onalariga chin qalbdan o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

Bugungi kunda ko‘plab muhtaram faxriylar va ustozlarimiz o‘zining noyob tajribasi, bilim va malakasini Vatan himoyachilarining yangi avlodiga o‘rgatib, mamlakatimizni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

Bugun biz yaqin va olis yon-atrofimizda vujudga kelayotgan vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning ko‘lami kengayib borayotganini, yadro texnologiyalari va ommaviy qirg‘in qurollarining tarqalishi, siyosiy tanglik, xalqaro terrorizm va ekstremizmning keng tarqalayotganligi, texnogen ofatlar, millatlar va dinlararo mojarolarning kuchayayotganini eʼtirof etmaslik mumkin emas.

Bu o‘rinda tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishdek ustuvor tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasining sifat jihatidan yangilanganini alohida qayd etish joiz.

So‘nggi yillarda mamlakatimiz mudofaa tizimida keng qamrovli o‘zgarishlar ro‘y berdi. Milliy armiyamizning jangovar tayyorgarlik darajasi oshib, xavfsizligimizga raxna soladigan har qanday tahdidlarga qarshi turadigan zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan taʼminlandi.

Kelgusida harbiy sohadagi islohotlarni yana-da takomillashtirish, armiyamizning jangovar shayligini oshirish va mudofaa sanoatini yana-da mustahkamlash, chegaralar daxlsizligini taʼminlash ishlari rivojlantiriladi. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tinchliksevar siyosatiga hamisha sodiq bo‘lib kelgan. Bizning Harbiy doktrinamiz mudofaa xususiyatiga ega bo‘lib, Qurolli Kuchlarimizni mustahkamlash, birinchi navbatda, davlat suvereniteti va mamlakatimiz hududiy yaxlitligini, odamlarimizning tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga yo‘naltirilgandir. Mamlakatimiz Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, bizning armiyamiz O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi harbiy harakatlar va operatsiyalarda ishtirok etmaydi, harbiy-siyosiy ittifoq va koalitsiyalarga qo‘shilmaydi, o‘z hududida xorijiy harbiy baza va obyektlarni joylashtirmaydi.

Yaʼni farzandlarimiz, askar va ofitser o‘g‘lonlarimiz chet davlatlar va qo‘shni Respublikalar hududida emas, o‘z ona  Vatanida yigitlik burchini ado etadilar.

Xurmatli tadbir ishtirokchilari qutlug‘ bayram ayyomida siz, azizlarni va oila aʼzolaringizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Muxtasar qilib aytganda, tinchlik bor joyga bayramlar yarashadi, shuning uchun jannatmakon diyorimizda ushbu tinchlikni taʼminlab kelayotgan harbiy xizmatchilarni yana bir bor ushbu bayram bilan muborakbod etib, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va albatta masʼuliyatli xizmatlarida kuch-quvvat tilab qolaman. Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Beruniy tumani hokimi Atabek Saparbayev