Kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar sifatli o’tkazilsa, mo’l hosil olishga zamin yaratiladi.

25-11-2024 | 08:01

99

Ota-bobolarimizning “Yer haydasang, kuz hayda – kuz haydamasang, yuz hayda” degan maqoli zamirida ulkan ma’no mujassam.
Qishloq xo’jalik ekinlaridan mo’l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorlashning ahamiyati katta. O’z vaqtida, sifatli o’tkazilgan shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi. Sifatli shudgorlangan maydonlarda sho’r yuvish, erta bahorda tuproqni ekishga tayyorlash hamda ekish kabi agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida va samarali o’tkazishga erishiladi.
Shuningdek, hozirgi vaqtda dehqonchilik tizimida zamonaviy texnologiyalarni qo’llagan holda, jumladan qishloq xo’jalik ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, yerlarni lazer uskunali texnikalar yordamida tekislash – zahmatkash dehqon va fermerlarimiz faoliyatidagi eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Ekin yer maydonlarining tekis bo’lishi dalaning barcha qismlarini bir tekis sug’orish, meliorativ holatini yaxshilash, urug’larni bir tekis undirish, ekinni oziq moddalar bilan bir xil ta’minlash va ularni bir tekis rivojlantirish, suv resurslarini tejash, uning samaradorligini va ekinlar hosildorligini hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini yaratadi.
Bundan tashqari, dala yuzasi tekis bo’lgan maydonlarda texnika vositalarini ishlatish yengillashadi, yoqilg’i sarfi kamayadi va ish unumdorligi ortadi.
2021-2022 yil kuz-qish mavsumida amalga oshirilishi rejalashtirilgan irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari bo’yicha tumanda 17.4 kilometr uzunlikdagi xo’jaliklararo sug’orish tarmoqlarini tozalash, suv iste’molchilar uyushmasi va fermer xo’jaliklari ixtiyoridagi jami 287.0 kilometr uzunlikdagi ichki ariqlarning, shundan 207 kilometr mexanizm yordamida va 80 kilometr qo’l kuchi yordamida tozalanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, tuman bo’yicha jami 113 ta gidrotexnik inshootlar, fermer xo’jaliklarining 16 ta nasos agregatlarini ta’mirlash kabi bir qator ishlar amalga oshiriladi.
Sho’r yuvish tadbirlarini sifatli va qisqa muddatlarda o’tkazish maqsadida tumanda sug’orish shtabi faoliyati yo’lga qo’yilmoqda. Qishki sho’r yuvish mavsumiga yerlarni sifatli tayyorlashda qatnashadigan mexanizatorlar va suvchilarga yetarli sharoit va mehnatiga haq to’lashning tartibli tizimi yaratiladi. Bu esa o’z navbatida ish unumdorligini oshishiga imkon yaratadi.
Shu bois, kuzgi-qishki mavsum davomida amalga oshirilishi belgilangan agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, xususan
2022 yil hosili uchun puxta zamin yaratish maqsadida joriy yilning 20 oktyabr kuni Beruniy tumani “Maxtumquli” ovul fuqarolar yig’ini hududidagi “Durdibaev Tajimurot” fermer xo’jaligida ko’rgazmali seminar o’tkazildi.
Seminarga O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirining birinchi o’rinbosari SH.J.Teshayev, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining qishloq va suv xo’jaligi masalalari bo’yicha o’rinbosari D.J.Qaypov, Beruniy tumani hokimi A.X.Saparbayev va sektor rahbarlari, tegishli qishloq xo’jaligi korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda barcha toifadagi fermer xo’jaliklari rahbarlari qatnashdilar.

Beruniy tumani hokimligi axborot xizmati